Yurtimizda “Ayollar daftari” hamda “Temir daftar”ga kiritilgan xotin-qizlar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanib, ularning orzu-maqsadlari, hohish va istaklarini amalga oshirishlari uchun keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Nafaqat moddiy, balki ularning ma’naviy olamini boyitish borasida ham sezilarli darajada natijalarga erishilmoqda. Ayollarga qaratilayotgan e’tibor ularni yanada shiddat bilan mehnat qilib, barcha sohalar rivojiga o‘z hissasini qo‘shishlari uchun zamin yaratmoqda desak xato bo‘lmaydi. Jumladan, Sirdaryo viloyati hokimiyati tomonidan viloyatning barcha tumanlarida istiqomat qilayotgan “Ayollar daftari” hamda “Temir daftar”ga kiritilgan xotin-qizlarga ko‘rsatilayotgan ko‘mak, ayniqsa turli xil sayohat va ko‘ngilochar tadbirlarning tashkil etilishi ularni yanada ruhlantirmoqda. Poytaxtimizdagi “Gʻalaba bog‘i” yodgorlik majmuasi chin ma’noda barcha avlod vakillarining sevimli maskaniga aylanmoqda. Bu dargohga kelgan bir guruh ayollar majmua faoliyati bilan tanishar ekan, Ota-bobolarimizning tinchlikni asrash yo‘lida ko‘rsatgan jasorati va matonatidan o‘zimizga ta'riflab bo‘lmas darajada kuch oldik,–deya ta’kidlashdi.
– “Gʻalaba bog‘i” majmuasini teleekranlarda ko‘rganimda, uy va ro‘zg‘or ishlaridan ortib, ushbu maskanga borishga vaqt topa olarmikanman, deya o‘ylab qo‘yardim. Ammo Sirdaryo viloyati hokimiyati tomonidan ushbu dargohga biz ayollar uchun uyushtirlgan sayohat bizni ruhlantirib yubordi. Ota-bobolarimizning jasorati va matonatidan so‘zlovchi eksponatlar bilan tanishar ekanmiz, ularning sha’niga tahsinlar aytdik, tinch va osoyishta, tarixi va onalarini e’zozlayotgan Yurtboshimizdan faxrlanib ketdik,–deydi ko‘zida quvonch yoshini berkita olmagan Musayeva Komila.
Darhaqiqat, onalari va ayollarini qadrlagan yurtda tinchlik va osoyishtalik doimo hukm suradi.