Poytaxtimizda joylashgan “Gʻalaba bog‘i” yodgorlik majmuasi chin ma’noda insonni o‘zligini anglash, ikkinchi jahon urushi yillarida ota-bobolarimizning boshidan kechirgan ayanchli taqdirini his qilish bilan birga, bugungi tinch va osoyishta xayotimizni qadrlab, shukronalik kabi tuyg‘ularni yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ushbu maskanga kirar ekansiz, go‘yo o‘zingizni tarixga sayohat qilgandek his etasiz. Ayniqsa, majmua tarkibiga kiruvchi “Shon-sharaf” davlat muzeyidagi noyob eksponatlar bilan yaqindan tanishayotgan yoshlarga ko‘zingiz tushar ekan, ularning ko‘zlaridagi o‘zgacha hayrat va hayajon o‘tmish va ajdodlarga bo‘lgan xurmat va ehtiromdan dalolatdir. Sirdaryo viloyat xokimligi, Mahalla va oilani kullab kuvvatlash Sirdaryo viloyat boshqarmasi, Sirdaryo viloyati turizm boshqarmasi hamkorligida viloyatning Guliston va Mirzaobod tumanlarida istiqomat qilayotgan kam ta’minlangan oilalar va nogironligi bo‘lgan yurtdoshlarimiz uchun “Gʻalaba bog‘i” yodgorlik majmuasiga sayohat uyushtirildi. Ikkinchi jahon urushi yillarida O‘zbekiston xalqining tinchlikni asrash yo‘lida ko‘rsatgan jasorati va matonatidan hikoya qiluvchi eksponat va yodgorlik kompozitsiyalari bilan tanishgan yoshlar o‘zlarining bu yerdan olgan taassurotlari yuqori darajada ekanligini bayon etishdi.
– “Gʻalaba bog‘i” yodgorlik majmuasiga 10 kun davomida Sirdayo viloyatinig barcha tumanlaridan yuqorida qayd etilgan aholi qatlamiga sayohatlar uyushtirish ko‘zda tutilgan. Mazkur majmua rahbariyatining ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlagani uchun Sirdaryo viloyati aholisi nomidan minnatdorchilik bildiramiz, - deydi Sirdaryo viloyati Turizm boshqarmasi direktori Xayrullo Jo‘rayev.