Joriy yilning 20-aprel kuni Toshkent shahrida joylashgan “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasida yoshlar o‘rtasida o‘zbek xalqining Ikkinchi jahon urushidagi jasorati, sabr-matonati, mardligi hamda vatanparvarligini keng targ‘ib qilish hamda front ortida mehnat qilgan yurtdoshlarimiz xotirasiga bag‘ishlab “Shon-sharaf” respublika harbiy festivali tashkil etildi.
Mazkur festivalni o‘tkazish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 9-sentabrdagi PQ–4820-son qarori qabul qilingan bo‘lib, qaror ilovasiga asosan O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi huzuridagi “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi faoliyatini tashkil etish va rivojlantirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlangan.
Festival O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi, Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Davlat Bojxona qo‘mitasi, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari bilan hamkorlikda o‘tkazildi.
Festival doirasida bir nechta tadbirlar amalga oshirildi. Festival avvalida jamoatchilik vakillari, harbiylar va faol yoshlar ishtirokida mazkur “Matonat madhiyasi” haykali poyiga gul qo‘yish marosimi o‘tkazildi. Festivalda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining, O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining, O‘zbekiston Respublikasi Davlat Bojxona qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati kursantlari harbiy xizmat vakillarining harbiy parad saf yurishlari namoyish etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi tashabbusi bilan yosh volontyorlar ishtirokida harbiy vatanparvarlik, o‘zbek xalqining Ikkinchi jahon urushidagi jasoratiga oid savollar asosida viktorina o‘yinlari tashkil qilindi. Viktorinada berilgan savollarga to‘g‘ri javob bergan yoshlarga “Yoshlar kutubxonasi” rukni ostida kitoblar jamlanmasi sovg‘a qilindi. Shundan so‘ng yoshlar ishtirokida “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi bo‘ylab ekskursiyalar tashkil etildi. Festival doirasida “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasining konferensiyalar zalida “Faxriylar va yoshlar” uchrashuvi tashkil etildi. Uchrashuvda Ikkinchi jahon urushidagi jasorati, sabr-matonati, mardligi hamda vatanparvarligi hamda front ortida mehnat qilgan yurtdoshlarimiz xotirasi yodga olindi. Tadbir davomida Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari urush yillari va front ortidagi voqealari so‘zlandi va yoshlarni qiziqtirgan savollariga javob berildi.