Inson azizdir, Xotira Mangu
Inson azizdir, Xotira Mangu
Inson azizdir, Xotira Mangu
 9-May “Xotira va qadrlash” kuni yurtimizda o‘zgacha hayajon, g‘urur va iftixor bilan nishonlanadi. Yurtdoshlarimiz qalbida vatanparvarlik tuyg‘ulari yana-da jo‘sh uradi

        Jonajon vatanimiz tinchligini ta’minlashda jon olib jon bergan ajdodlarimizning bosib o‘tgan shonli va ibratli yo‘lini faxr bilan yodga olsak, ularning boshidan kechirgan ayanchli kunlari hali-hanuz xalqimiz qalbida alam va iztirob bilan esga olinadi. Boisi, kimningdir otasi yoki bobosi Ikkinchi jahon urushidan uyiga qaytmagan. Yana kimningdir yaqinlari nogiron holda uyiga qaytgan. Bedarak yo‘qolgan o‘g‘lonlarning onalari esa, sog‘inch ila bu dunyodan ko‘z yumgan. Bu kabi misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Ammo yillar o‘tsa-da yurtimizda olib borilayotgan islohotlar o‘laroq tariximizga hurmat, keksa avlod vakillariga izzat ko‘rsatish an’anaga aylanib, ajdodlarimizdan me’ros bo‘lib qolgan fidoiylik, insonparvarlik va oliyjanoblik xislatlarini davom ettirish, ularga munosib voris bo‘lishdek sharafli vazifani ado etish eng muhim masalalardan biri sanalmoqda. Zero, tarixi buyuk yurtning kelajagi ham porloq bo‘ladi. Poytaxtimizdagi “Gʻalaba bog‘i” yodgorlik majmuasi esa, aynan ana shu kabi ezgu maqsadlar yo‘lida bunyod etildi. Bugun ushbu qutlug‘ maskan aholi va yoshlar bilan gavjum. Ularning qalbida faxrga yo‘g‘rilgan hayajonni ilg‘ash mumkin. Eng quvonarlisi, ertamiz egalarining ushbu maskanda turli xil vatanparvarlik tadbirlarni muntazam o‘tkazib kelinayotgani esa, ajdodlarimiz asriy orzularining ro‘yobini anglatgandek go‘yo. Ha, vatan muqaddas, ona kabi azizdir. Uning tinchligi va osoyishtaligiga esa, barchamiz birdek mas’ulmiz. “Gʻalaba bog‘i” yodgorlik majmuasi hamda “Shon-sharaf” davlat muzeyi vatan qadri nechog‘lik muqaddas ekani, tinchlik esa, bebaho ne’matligini xalqimiz, ayniqsa yoshlarga doim eslatib turguvchi mardlar maydoniga aylanib ulgurdi.

Diqqat! Agar matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatga xabar
berish uchun Ctrl + Enter tugmalarini bosing